Bag‘ishlov
Tong otmoqda, mayin shabboda,
Tanimni ohista quchar, erkalab.
Zilol suv misoli marvaridshoda,
Barchasi o‘zgacha bo‘lar ertalab.
Quyosh ham erinib ochgach ko‘zini,
Uyatdan qizarib, asta nur sochar.
Undan-da avvalroq yerning yuzini,
O‘zbekning orasta kelini “ochar”.
Sho‘x-shodon, anvoyi gullar ham bu gal,
Bo‘y sochgani bir oz kechikib qoldi.
Shaharni bir ajib xushbo‘y muattar,
Tandirdan uzilgan non isi oldi.
Daraxt shoxlarida jajji qushchalar,
Tinchlik kuyin aytar chug‘urlab masrur.
Dalaga yo‘l olar, har kun tong sahar,
Bobodehqon ketmon ko‘tarib mag‘rur.
Ajib bir entikish chulg‘ab oladi,
Orzular bog‘laydi ko‘ngil shodligi.
O‘zbegim qalbiga g‘urur soladi,
Zamin tinchligi-yu, yurt obodligi.
Bahora XOLYIGITOVA,
Sirdaryo viloyati Guliston shahar
11-maktab