Sakrog‘ich
Oxirgi soat jismoniy tarbiya darsi. Unga doim sakrog‘ichimni olib kelaman. Biz sport zalida saflandik. Mashg‘ulot chog‘ida sakrog‘ichni yerga tashlagim kelmay, dugonam Shirinaning cho‘ntagiga solib qo‘ydim. O‘zimning cho‘ntagim yo‘q edi-da. Vaqt ildamlab dars ham tugadi. Kun issiq bo‘lgani uchun tez uyga qaytdim. Ertasi kuni sakrog‘ichimni olaman desam, Shirina Andijonga buvisinikiga ketibdi. U o‘n kuncha mehmonda qolib ketdi. Sakrog‘ichimning o‘rni sezildi. Chunki men har kuni unda mazza qilib sakrardim-da. Nihoyat, dugonam Andijondan qaytganini eshitib uyiga bordim-da, sakrog‘ichimni so‘radim. U esa hayron bo‘lganicha:
– O‘sha kuni kiyinish xonasida sakrog‘ichingni o‘zingga qaytarib berdim-ku, – dedi.
Men esa jahl bilan:
– Yo‘q, bermagansan, – dedim.
Ertasi kuni maktabga kelishi bilan yana so‘radim:
– Uyingni qaradingmi?
U esa yig‘lamsirab:
– Qaradim, yo‘q! Yaxshilab esla, o‘rtoqjon, uni senga berganman, – dedi.
Har kuni sakrog‘ichimni so‘rayverganim uchun dugonam noiloj oyisi bergan pullarni yig‘ib sakrog‘ich olib berdi.
Bir kuni xonamdagi shkafning orqasida o‘z sakrog‘ichimni ko‘rib, qotib qoldim. Keyin bilsam, jiyanim o‘ynab-o‘ynab shu yerga yashirib qo‘ygan ekan. Qulog‘im, nafaqat qulog‘im, butun vujudim qizib ketdi. Ko‘z oldimga yig‘lagudek bo‘lib, sakrog‘ich uzatayotgan dugonam keldi. O‘ylamay qilgan ishimdan qattiq pushaymon bo‘ldim. Qo‘limga ikkala sakrog‘ichni oldim-u dugonamning uyi tomon yugurdim...
Zarina IBROHIMOVA,
Toshkent viloyati Chirchiq shahar 11-maktab 7-sinf